Urganch davlat universiteti va Belarus davlatining Baranovichi davlat universiteti bilan hamkorlik shartnomasi imzolandi

27-avgust kuni Urganch davlat universiteti rektori Baxrom Abdullayev, Xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektori G‘ayrat O‘razboyev, Baranovichi davlat universiteti birinchi prorektori Klimuk Vladimir Vladimirovich hamda  O’quv ishlar bo’yicha prorektor Ritvinskaya Evgeniya Mixaylovnalar o‘rtasida onlayn uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. 

Uchrashuv avvalida universitet rektori B.Abdullayev Urganch davlat universitetining Belarus Respublikasi oliygohlari bilan hamkorlik aloqalarini e’tirof qildi. Prorektor Klimuk Vladimir Vladimirovich Baranovichi davlat universiteti haqida taqdimot orqali oliygoh bilan yaqindan tanishtirdi. 

Baranovichi davlat universiteti tomonidan hamkorlikda qo’shma ta’lim dasturlari ishlab chiqish,  ilmiy-anjumanlar tashkil etish, madaniy va sport tadbirlarini o’tkazish va professor-o’qituvchilar uchun stajirovka dasturlarini joriy etish takliflari berildi.

Uchrashuv davomida hamkorlikda takliflarni inobotga olgan holda 2024-2025 o‘quv yili uchun “yo‘l xaritasi” ishlab chiqishga kelishib olindi va universitetlar o’rtasida hamkorlik shartnomasi imzolandi.