Vatanimiz istiqloli, xalqimizning ozodligi va erkinligi, kelajak avlodlarning tinch va farovon hayotini ta’minlash yo‘lida mardona kurash olib borib aziz jonlarini fido qilgan, mustabid tuzum davrida qatag‘on qilingan ajdodlarimiz xotirasini abadiylashtirish, ularning faoliyati va merosini o‘rganish hamda targ‘ib etish borasida bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.

Jumladan, o‘tgan davrda ushbu yo‘nalishda muhim farmon va qarorlar qabul qilindi. Yurtimizda 2001-yildan buyon har yili 31-avgust – “Qatag‘on qurbonlarini yod etish kuni” sifatida keng nishonlab kelinmoqda. “Shahidlar xotirasi” yodgorlik majmuasi barpo etildi. “Shahidlar xotirasi” jamoat fondi, Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi hamda hududlardagi oliy ta’lim muassasalari qoshida uning bo‘limlari tashkil etildi.

Urganch davlat universiteti tuzilmasidagi “Qatag‘on qurbonlari xotirasi” muzeyi jamoasi el-yurtimiz ozodligi, erkinligi va mustaqilligi uchun olib borilgan ko‘p yillik mashaqqatli kurashlarni haqqoniy va to‘laqonli aks ettirish, mustabid tuzum davridagi ommaviy qatag‘onlar tufayli qurbon bo‘lgan vatandoshlarimizning xotirasini abadiylashtirish, yosh avlod qalbida Vatanga muhabbat, istiqlol g‘oyalariga sadoqat tuyg‘ularini kuchaytirish maqsadida  oilangiz, mahallangiz, qishloq, tuman yoki shahringizda yashagan, qatag‘on qurboni bo‘lgan kishilar hayoti va faoliyatiga dahldor hujjatlar, ular bilan bog‘liq buyumlar, yaqin kishilaringizdan eshitgan xotiralaringiz boʻlsa, barcha tafsilotlari, hujjat namunalari, ismi-sharifi va manzillari aniq va xolis yoritilgan holda maktub va boshqa jo‘natmalar shaklida yohud shaxsiy murojaat yo‘li bilan UrDU tuzilmasidagi “Qatag‘on qurbonlari xotirasi” muzeyiga yo‘llashingizni so‘raydi.

Manzil: Urganch shahri, “Tinchlik” ko‘chasi, 8/1-uy.  (Tel:62 2286227, xotiramuzeyixorazm@umail.uz,  pochta raqami: 220100,  telegram-97 5297993)
Mo‘ljal: Hamza nomidagi 8-sonli maktab. 

Hurmatli vohamiz ahli, "Milliy merosga mening hissam!" aksiyasida ishtirok eting va o‘zingizda saqlanayotgan tarixiy buyumlarni muzeyga taqdim qilishda faol ishtirok etib, viloyatimizning madaniy taraqqiyotiga o‘z hissangizni qo‘shing!

Hamkorligingiz uchun rahmat!