Ayni vaqtda xizmat safari bilan Izmir shahrida bo‘lib turgan UrDU rektori B.Abdullayev 9-iyun kuni xalqaro ta’lim forumining ilk kunida, shartnomalar imzolash marosimida Turkiyaning Bartin davlat universiteti rektori prof. Dr.Oʻrxon Uzun bilan ham qator imkoniyatlarga ega hamkorlik shartnomasini imzoladi.
Taʼkidlash joizki, Bartin davlat universiteti Turkiyaning yosh universitetlaridan biri, 2008-yilda tashkil etilgan. Bu universitet Qora dengiz mintaqasida joylashgan. Taʼlimning bakalavriat bosqichida 21 ta yoʻnalish boʻyicha kadrlar tayyorlaydi.
Endilikda Urganch davlat universiteti Bartin davlat universiteti bilan professor-oʻqituvchilar va talabalar almashinuvi, ilmiy stajirovkalar, madaniyatlararo almashinuv dasturlari, xalqaro loyihalar, hamkorlikdagi ilmiy tadqiqot ishlari, qoʻshma ta’lim dasturlari, yozgi taʼtil dasturlari, hamkorlikdagi ilmiy rahbarlik, ilmiy ma’ruzalar almashinuvi hamda anjuman va seminarlar oʻtkazish imkoniyatiga ega boʻldi.