Bugun, 26-sentabr sanasida Fransiyaning Puate universiteti delegatsiyasi universitetga tashrif buyurdi.
Joriy yilning 26-27 sentabrga moʻljallangan ushbu tashrifdan maqsad ikki universitet o’rtasida hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirish, fakultetlarda professor-o’qituvchilar va talabalar bilan uchrashish, ma’ruza va seminarlarda ishtirok etish, universitetning o‘quv va ilmiy jaroyoni bilan tanishish.
Dastlab delegatsiya aʻzolari, jumladan, Puate universitetining Tillar va adabiyot fakultetining Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan talabalar almashinuvi dasturlari rahbari, Qozog’istondagi Erasmus dasturlari koordinatori Licia Bagini, Matematika fakulteti xalqaro aloqalar bo‘limi boshlig‘i, O‘zbekistondagi Erasmus dasturlari koordinatori Farida Enikeeva, Iqtisodiyot fakulteti xalqaro aloqalar bo‘limi boshlig‘i, Qirg‘izistondagi Erasmus dasturlari koordinatori Philippe Rogeon, Gumanitar fanlar va san’at fakulteti xalqaro aloqalar bo‘limi boshlig‘I Armelle Jacquemot hamda UrDU Oʻquv ishlar boʻyicha prorektori S.Xodjaniyozov, Ilmiy ishlar va innovatsiyalar boʻyicha prorektor Z.Ibragimov, Fransiya universitetlari bilan hamkorlik qilayotgan tegishli fakultet dekanlari, kafedra mudirlari, yosh olimlar hamda Xalqaro aloqalar boʻlimi xodimlari ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Tomonlarning rasmiy muloqotida har ikki universitet uchun istiqbolli hamkorlik aloqalari belgilab olindi. Oʻrnatilgan aloqalarni yanada mustahkamlash borasida takliflar qayd etildi. Erasmus+ dasturi doirasidagi aloqalarni kengaytirish istagi bildirildi.
Shundan soʻng, mehmonlar universitet boʻylab sayohat qildilar.
Maʼlumot uchun, bugun kunning ikkinchi yarmida delegatsiya aʻzolari ma’ruza va seminarlarda ishtirok etadilar.