Xabar berganimizdek, 2023-yilning 22-sentabr – 1-oktabr kunlari Malayziya xalqaro islom universiteti 33 nafar Arxitektura fakulteti professor-o‘qituvchilari va talabalaridan iborat delegatsiya yurtimizdagi madaniy merosini o‘rganish, betakror arxitektura namunalarini tadqiq etish, turizm tarmog‘ini kengaytirish va targ‘ib qilish maqsadida Xiva shahrining madaniy meros obyektlari misolida universitetimizning “Arxitektura” kafedrasi bilan hamkorlikda tadqiqot olib bordilar.
Xususan, Xiva “Ichan qal'a” hududidagi "Juma masjidi" tarixiy obidasining ekspluatatsion holati o'rganildi. Endilikda zamonaviy skaner texnologiyalari yordamida “Juma masjidi”ning 3D modeli yaratilib, qilingan ilmiy ishlar natijasi 1 jildli o'quv qo'llanma holida ingliz va o'zbek tillarida chop qilish ishlari rejalashtirilgan.
Bugun, 29-sentabr kuni mehmonlar UrDU rektori B.Abdullayev bilan uchrashdilar. Uchrashuvda rektor Malayziya universitetlari bilan Urganch davlat universitetining hamkorlik aloqalari haqida gapirib, oliygohimiz Malayziya xalqaro islom universiteti bilan ham hamkorlikni mustahkamlashdan manfaatdor ekanini bildirdi. Oʻz navbatida, mehmonlar ikki haftalik imliy tadqiqot davomida yaratilgan sharoitlar va mehmondoʻstlik uchun minnatdorchilik izhor qildilar.
Muloqot davomida tomonlar kelgusida nafaqat arxitektura, balki boshqa sohalarda ham hamkorlik oʻrnatishni, talabalar va professor-oʻqituvchilar almashinuvlarini yoʻlga qoʻyish masalalarini muhokama qildilar. Yakunda esdalik sovgʻalar ulashildi.