Urganch davlat universiteti va Konya texnika universiteti oʻrtasida Anglashinuv memorandumi imzolandi

 

5-iyul kuni Urganch davlat universiteti rektori B.Abdullayev Turkiyaning Konya shahridagi Konya texnika universiteti bilan hamkorlik aloqalarini oʻrnatish maqsadida oliygohga tashrif buyurdi. Universitetimiz yetakchilarini Konya texnika universiteti rektori Prof. Dr. Osman Nuri Çelik iliq qarshi oldi. 

Shundan soʻng, universitet vakillari oʻrtasida rasmiy muloqot boʻlib oʻtdi. Unda har ikkala universitet rektorlari tomonidan oliy oʻquv yurtlari faoliyati, yaratilgan sharoitlar, ta’lim yoʻnalishlari va texnika sohasida amalga oshiralayotgan ishlar boʻyicha maʼlumotlar taqdim etildi. Oliygohlar oʻrtasida istiqbolli aloqalarni oʻrnatish yuzasidan takliflar bildirildi. Jumladan, professor-oʻqituvchi va yosh olimlarning stajirovka kurslarini va talabalar almashinuv dasturlarni tashkil etish, xalqaro loyihalarda birgalikda ishtirok etish boʻyicha muzokaralar olib borishdi. 

Muzokaralar natijasi oʻlaroq, kelgusida universitetlar oʻrtasida hamkorlik aloqalarini yoʻlga qoʻyish maqsadida Urganch davlat universiteti va Konya texnika universiteti oʻrtasida Anglashinuv memorandumi imzolandi. 

Tashrif yakunida  Urganch davlat universiteti rektori B.Abdullayev Konya texnika universitetining ramziy  kitobiga oʻz tilaklarini yozib qoldirdi.