UrDU Boshlang‘ich Kasaba uyushmasi tashkiloti hisobot-saylov konferensiyasi bo‘lib o‘tdi

Bugun, 25-mart kuni Abu Rayhon Beruniy nomidagi Urganch davlat universiteti Madaniyat saroyida oliygoh Boshlang‘ich Kasaba uyushmasi tashkiloti hisobot-saylov konferensiyasi o‘tkazildi.

Konferensiya O‘zbekiston Ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi raisi R.Bedilov, Ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashining Xorazm viloyati bo‘yicha mas’ul tashkilotchisi M.Raximova, universitet rektori v.v.b. S.Xodjaniyazov, Kasaba uyushmasi qo‘mitasi raisi Q.Xamrayev hamda “Ingliz tili va adabiyoti” kafedrasi dotsenti J.Ermetovalardan iborat ishchi rayosat tomonidan olib borildi.

Unda UrDU kasaba uyushmasi qo‘mitasining 2020-yil fevraldan 2025-yil fevralgacha bo‘lgan davr mobaynidagi faoliyati yakunlari va xodimlarning ijtimoiy-iqtisodiy huquq va manfaatlarini himoya qilish borasida kelgusidagi vazifalar, shuningdek, tashkilot taftish komissiyasining hisoboti to‘g‘risida ma’ruza va muzokaralar o‘tkazildi.

Shundan so‘ng, UrDU kasaba uyushmasi qo‘mitasi raisi hamda qo‘mita tarkibi, taftish komissiyasining tarkibi, taftish komissiyasi raisligiga saylovlar bo‘lib o‘tdi.