Yurtimizda oliy ta’lim muassasalariga kirish uchun davlat test imtihonlari boshlandi!

Bugun, 14-iyul kuni butun mamlakatimiz bo‘ylab 2025-2026-o‘quv yili uchun oliy ta’lim muassasalariga kirish test sinovlari bo'lib o'tmoqda. Xorazm viloyatining ikkita hududida, jumladan, Urganch shahridagi “Yoshlik” sport majmuasida hamda BMBAning Xorazm bo‘limi binosida oliy va professional taʼlim muassasalariga kirish test sinovlari bo'lib o'tmoqda.

Abu Rayhon Beruniy nomidagi Urganch davlat universiteti jamoasi oʻziga biriktirilgan BMBAning Xorazm bo‘limi binosi hududidagi test jarayonining har bir bosqichida faol qatnashib, abituriyentlarning imtihonga kirish-chiqishidagi tartib-intizomni saqlash, shuningdek, ularning shaxsiy buyumlarini tegishli tartibda xavfsiz joylarda saqlashga ko'maklashmoqda. Bu esa har bir abituriyent uchun qulay muhit yaratishga xizmat qilmoqda.

Shuningdek, farzandlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida kelgan ota-onalar uchun universitet tomonidan  maxsus kutish zonalari tashkil etilgan. Bu zonalar zamonaviy jihozlangan, qulay va salqin muhitda joylashgan bo‘lib, ota-onalar test jarayonini jonli efirda kuzatib borishmoqda.

Qolaversa, universitetimizning malakali volontyor psixologlari ota-onalar bilan samimiy suhbatlar o‘tkazib, ularning savollariga javob berish, xavotirlarini kamaytirish va kayfiyatni ko‘tarish maqsadida psixologik yordam ko‘rsatmoqda.