Ayni paytda Abu Rayhon Beruniy nomidagi Urganch davlat universiteti Madaniyat saroyida Texnika fakulteti tashabbusi bilan 15–16 sentabr kunlariga mo‘ljallangan “Qurilish va arxitektura sohasidagi innovatsion g‘oyalar, integratsiya va tejamkorlik” mavzusidagi Respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi bo‘lib o‘tmoqda.
Anjumanda nafaqat yurtimizning turli hududlaridan, balki qo‘shni davlatlardan ham soha olimlari faol ishtirok etmoqda. Shuningdek, Urganch davlat universiteti Texnika fakultetining Qurilish va Arxitektura kafedralari professor-o‘qituvchilari hamda iqtidorli talabalari ham mazkur anjumanda o‘z ilmiy izlanuvlari natijalari bilan qatnashib, sohaga oid dolzarb mavzularda taqdimotlar qilishmoqda.
Konferensiyani universitet Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Z.Ibragimov kirish so‘zi bilan ochib berdi hamda barcha ishtirokchilarga ilmiy izlanish va faoliyatlarida muvaffaqiyatlar tiladi. UrDU Qurilish kafedrasi professori, t.f.d. R.Rahimov anjumanga moderatorlik qilib bormoqda.
Dastlabki maʼruzalarda Qirg‘iziston Respublikasining O‘sh davlat texnika universiteti professori, t.f.d. A.Zulpiyev, Samarqand davlat arxitektura va qurilish universiteti professori, t.f.d. A.Uralov, Oliy attestatsiya komissiyasi bosh inspektori, arx.f.d., professor T.Mamatmusayev hamda Toshkent davlat arxitektura va qurilish universiteti professori, i.f.d. R.Nurimbetovlarning taqdimotlari tinglandi.
Anjuman davomida qurilish va arxitektura sohalaridagi dolzarb muammolar, innovatsion yechimlar, samarali integratsiya hamda resurslarni tejash masalalari muhokama qilinmoqda.
Xususan, Mahalliy xom ashyo asosida qurilish materiallarini ishlab chiqarishda innovatsion texnologiyalarni joriy etish, Arxitektura va arxitektorlarning bugungi holati hamda kelajak istiqbollari, O‘zbekiston Respublikasi avtomobil yo‘llari tarmog‘ini rivojlantirishdagi mavjud muammolar va amaliy yechimlar singari mavzularda taqdimotlar o‘tkazilmoqda.