11-noyabr kuni Abu Rayhon Beruniy nomidagi Urganch davlat universitetida O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Xorazm viloyati bo‘limi hamkorligida tashkil etilgan “Men ham jurnalist boʻlaman” ijodiy to‘garagining dastlabki mashg‘uloti bo‘lib o‘tdi.
Mazkur tashabbus yoshlar orasida jurnalistikaga qiziqishni oshirish, ularning iqtidorini qo‘llab-quvvatlash va ijodiy fikrlash ko‘nikmalarini shakllantirishga qaratilgan bo‘lib, to‘garak ishtirokchilariga soha vakillari bilan bevosita muloqot qilish imkoniyatini yaratadi.
Tadbirda O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Xorazm viloyati bo‘limi rahbari, jurnalist va yozuvchi Dilbar Bekchanova, taniqli shoira, “Shuhrat” medali sohibasi, Urganch innovatsion universiteti dotsenti Sayyora Samandarova, shuningdek “Ishonch” gazetasining muhbiri Muhabbat To‘rabayevalar ishtirok etishdi.
Mehmonlar o‘z kasbiy tajribasi, ijodiy izlanishlari va jurnalistlik faoliyatining mas’uliyatli jihatlari haqida so‘z yuritishdi. Talabalar ular bilan bevosita muloqot qilib, o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi.
Shuningdek, to‘garakning keyingi mashg‘ulotlari uchun yosh jurnalistlarga topshiriqlar berildi.
Mashg‘ulot universitet Axborot xizmati bo‘limi boshlig‘i M.Axmedova moderatorligida o‘tkazildi. Shuningdek, Tarjima nazariyasi va amaliyoti kafedrasi o‘qituvchilari M.Tillayeva va Z.Qurbonovalar ham faol ishtirok etdilar.
Bu ijodiy uchrashuv yoshlar orasida jurnalistikaga bo‘lgan qiziqishni yanada kuchaytirish, ularni soha sir-asrorlari bilan tanishtirish hamda kelajakda o‘z yo‘lini matbuot va media olamidan topadigan iqtidorli avlodni shakllantirish borasida muhim ahamiyat kasb etadi.







