Urganch davlat universiteti — xalqaro e’tirof sari!

Germaniyaning nufuzli "ASIIN" xalqaro akkreditatsiya agentligi ekspertlari hozirda Abu Rayhon Beruniy nomidagi Urganch davlat universitetida bo‘lib, oliygoh faoliyatini xalqaro standartlar asosida reyting baholash va akkreditatsiya jarayonlarini o‘rganish ishlarini olib bormoqda. Tashrifdan maqsad — ta’lim sifatini xalqaro mezonlar asosida baholash, o‘quv dasturlarini takomillashtirish, ilmiy izlanishlar va o‘qitish jarayonining samaradorligini oshirishdir.

Mazkur jarayon doirasida quyidagi ta’lim yo‘nalishlari "ASIIN" xalqaro akkreditatsiyasidan o‘tishi rejalashtirilgan:

•60540200 —Amaliy matematika
•60540100 —Matematika
•70540101 — Matematika (Magistratura)
•60530900 — Fizika
•70530901 — Fizika (Magistratura)
•70540301 — Matematik muhandislik

Bugun "ASIIN" xalqaro akkreditatsiya agentligi ekspertlari hamda universitet rahbariyati ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv davomida Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor Zafar Ibragimov tomonidan oliygohning ilmiy salohiyati, xalqaro hamkorlik aloqalari, ta’lim sifati va zamonaviy infratuzilmasi haqida taqdimot qilindi.  Taqdimot jarayonida ekspertlarga universitetda olib borilayotgan ilmiy izlanishlar, innovatsion loyihalar, xalqaro dasturlar, laboratoriya va o‘quv bazalari to‘g‘risida batafsil ma’lumotlar berildi. Bu uchrashuv "ASIIN" ekspertlarining universitet faoliyatini chuqur o‘rganish, xalqaro baholash mezonlari asosida akkreditatsiya jarayonlarini samarali tashkil etishda muhim ahamiyat kasb etadi.