Ma’lumki, mamlakatimizdagi barcha oliy ta’lim muassasalarida joriy yilning 1 aprelidan ta’lim jarayoni masofaviy shaklda tashkil etildi. Xususan, Urganch davlat universitetida ham barcha talabalar uchun masofaviy ta’lim olish uchun barcha zarur shart-sharoitlar yaratildi. Jumladan, universitetning dl.urdu.uz masofaviy ta’lim platformasiga barcha fanlar bo‘yicha elektron resurslar (o‘quv-uslubiy majmualar, o‘quv adabiyotlarining elektron versiyalari, amaliy mashg‘ulotlar uchun topshiriqlar va h.) joylashtirildi, o‘quv dasturlaridagi mavzular bo‘yicha videoma’ruzalarni tayyorlash va ularni TAS-IX tarmog‘idagi https://tube.edu.uz yoki youtube orkali dl.urdu.uz manzilidagi kursga xavola joylashtirilishi ta’minlandi. Talabalar turar joylari qo‘shimcha ravishda yangi komp’yuterlar bilan ta’minlandi hamda yuqori tezlikdagi simsiz Internetga ulanish imkoniyatlari kengaytirildi. Joriy yilning 20 aprel kuni Urganch davlat universitetida ZOOM dasturi orqali AQShning Fullerton shahridagi Kaliforniya Davlat universiteti olimi Zoyir Ibragimov bilan video-konferentsiya o‘tkazildi. Unda Urganch davlat universiteti rektori, prorektorlari va fakultet dekanlari ishtirok etishdi. Konferentsiyada masofaviy ta’limni tashkil etish borasida AQSh oliy ta’lim muassasalarida qo‘llanilayotgan tajribalar hususida fikr almashildi.