2024-yil 9-11-oktabr kunlari Samarqanddagi “III Xalqaro saljuqiylar tarixi geografiyasi simpoziumi”da ishtirok etish uchun yurtimizga tashrif buyurgan Turkiyaning Necmettin Erbakan universiteti, Selçuk universiteti, Marmara universiteti singari Urganch davlat universitetining bir qator nufuzli hamkor oliy taʼlim muassasalari vakillaridan iborat 18 nafar delegatsiya aʼzolari 13-oktabr kuni qadimiy Xiva shahrining “Ichan qalʼa” muzey-qoʻriqxonasi boʻylab sayohat qildilar.
Mehmonlarga Urganch davlat universitetining Xalqaro hamkorlik boʻlimi xodimlari, “Tarix” kafedrasi professor-oʻqituvchilari hamda koʻngilli tarjimon talaba-yoshlar hamrohlik qilib, vatanimiz, ayniqsa, Xorazm tarixi bilan yaqindan tanishishlariga xizmat qilgan azim Xiva boʻylab sayohatning yuqori saviyada oʻtishga munosib hissa qoʻshdilar.
Aytish joizki, bunday simpozium va anjumanlar nafaqat ilm-fan taraqqiyotiga, shu bilan birga, mamlakatimiz xalqaro turizm salohiyatining yanada rivojlanishiga ham munosib hissa qoʻshadi. Hamisha xorijlik sayyohlarni oʻz bagʻriga chorlab turgan azim Xiva turkiyalik qardoshlarimizga ham unutilmas va betakror onlarni tuhfa etdi.