UrDUda “Tamaddun, madaniyat va ma’rifat” gʻoyasi ostida ziyolilar forumi boʻlib oʻtmoqda

O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 29-noyabrdagi "Tamaddun, madaniyat va ma'rifat" mavzusida "Ma'rifat karvoni" ilmiy-ma'rifiy va madaniy targ'ibot tadbirlarini tashkil etish chora-tadbirlari to'g'risida"gi 196-sonli majlis bayoni yuzasidan 3-15 dekabr kunlari Respublikamiz bo’ylab ma’naviy-ma’rifiy targ’ibot yig’ilishlari bo‘lib o‘tmoqda.

Bugun, 4-dekabr kuni  “Ma’rifat karvoni” loyihasining bir guruh respublikaning ziyolilardan iborat aʼzolari Urganch davlat universitetiga yetib kelishdi. Universitet Madaniyat saroyida “Yangi O‘zbekistonda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan islohatlar va bunyodkorlik ishlari” mavzusida tashkil etilgan ziyolilar forumida Xorazm viloyati imom-xatiblari, mahalla oqsoqollari, hoji bobolar, ijodkor shoir va yozuvchilar hamda oliygoh talaba-yoshlari ishtirok etishdi. Tadbirni Xorazm viloyati hokimining o‘rinbosari S.Salayev kirish so’z bilan ochib berdi. Shundan soʻng, kun tartibidan oʻrin olgan mavzular boʻyicha maʼruzalar tinglandi. 

“Ma’rifat karvoni” loyihasidan ko‘zlanayotgan maqsad olimlar, ziyolilarni faolikka undash, bugungi yangilanishlar, o‘zgarishlar, izchil islohotlar mazmun-mohiyatini xalqqa yetkazishda ularning bor bilim-u salohiyatini safarbar etishdan iborat. Bu orqali yurtimizdagi olimu fozillarni bir platformada, muloqot maydonida jam qilib, Vatanni yuksaltirishdek ezgu g‘oya atrofida birlashtirish ko‘zda tutilmoqda.  

Mazkur ziyolilar forumida Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar va bunyodkorlik ishlarining mazmun-mohiyati, mamlakatimizda ma’naviy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan ishlar va ustuvor vazifalar, har bir viloyatda so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan islohotlar, o‘zgarishlar va bunyodkorlik ishlari bo‘yicha atroflicha soʻz yuritilib, videoroliklar namoyish qilindi.

Eslatib o‘tamiz, «Ma’rifat karvoni» O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi hamda qator tashkilotlar bilan hamkorlikda tashkil etildi. 

Forum  kunning ikkinchi yarmida ham  “Yangi O‘zbekiston – islohotlar falsafasi” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy anjuman bilan davom etadi.