Bugun, 25-yanvar kuni Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov Abu Rayhon Beruniy nomidagi Urganch davlat universitetiga tashrif buyurib, o‘quv muassasasining bugungi holati va rivojlanish istiqbollari bilan yaqindan tanishdi. Tashrif davomida u yangi barpo etilayotgan Axborot resurs markazining qurilish maydoniga bordi. Ushbu kutubxona zamonaviy o‘quv maskani bo‘lib, talabalar uchun qulay va ilhomlantiruvchi muhit yaratishga mo‘ljallangan.
Vazir kutubxona loyihasi bilan tanishar ekan, u yerda olib borilayotgan ishlarning sifatiga alohida e’tibor qaratdi. Quruvchilar bilan suhbatlashib, ushbu muhim obyektni tez orada foydalanishga topshirilishi lozimligini ta’kidladi. Binoning jihozlanishi bilan bogʻliq tavsiyalarini berdi.
Kutubxonaning kelgusidagi vazifalari, unda yaratiladigan innovatsion texnologiyalar va talabalarga ko‘rsatiladigan xizmatlar haqida so‘z yuritar ekan, vazir: “Bilim va tafakkur manbai bo‘lmish kutubxonalar zamonaviy ta’lim tizimining ajralmas qismi. Ushbu obyekt yoshlarimizni katta marralarga ilhomlantiruvchi bilim maskaniga aylanishi lozim,” – deya taʼkidladi.
Ushbu tashrif davomida nafaqat joriy ishlar, balki universitetning umumiy rivojlanish yo‘nalishlari ham muhokama qilindi. Bu kabi tashriflar ta’lim tizimida samaradorlikni oshirish va yangi imkoniyatlar yaratish yo‘lidagi muhim qadamlardan biri sifatida baholanadi.
Maʻlumot oʻrnida, ushbu Axborot resurs markazi binosi asosan 2 blokdan, jumladan, 5 qavatli 500 o‘rinli kutubxona binosi hamda 506 o‘ringa mo‘ljallangan faollar zalidan iborat bo′lishi rejalashtirilmoqda. Shuningdek, universitet muzeyi ham mazkur binoda joylashishi belgilanmoqda.