RADDIYA

Ayni kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda Urganch davlat universiteti talabalariga go‘yoki diplom olish uchun kredit olish majburiy qilinayotgani haqida asossiz, haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan ma’lumotlar tarqalmoqda. Universitet rahbariyati bu holatga quyidagicha munosabat bildiradi: 

Avvalo, Urganch davlat universiteti talabalarga hech qanday holatda majburiy ravishda kredit olishni shart qilmagan va qilmaydi. Oliy ta’lim muassasasida ta’lim olish va diplom olish belgilangan akademik talablar asosida amalga oshiriladi. 

Qayd etish joizki, Abu Rayhon Beruniy nomidagi Urganch davlat universitetida bitiruvchi talabalarning bandligini taʼminlash va ularni o‘z-o‘zini mehnat faoliyatiga jalb qilishga ko‘maklashish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PQ-61-sonli Qarori ga binoan,  O‘zbekiston Respublikasi Milliy banki tomonidan yaratilgan “Kelajakka qadam” loyihasi asosida oliygohda “Kelajakka qadam” markazi tashkil etilgan. Ushbu markaz bugungi kunda  yoshlarni startap loyihalarga jalb qilish, ularning g‘oya va tashabbuslarini moliyaviy hamda metodik jihatdan qo‘llab-quvvatlash, mehnat bozoridagi o‘rnini mustahkamlash borasida o‘z faoliyatini olib bormoqda. 

“Kelajakka qadam” markazida bank xodimlari tomonidan kreditlar talabaning xohishiga ko‘ra, qonunchilikka mos tarzda ajratib berilmoqda. Universitet bu jarayonlarda bitiruvchilar uchun yaratilgan ushbu tashabbusni targ‘ib qilish hamda axborot berish vazifasini bajarmoqda.

"Kredit olmasang, diplom berilmaydi" kabi tahdidlar to‘g‘risidagi bayonotlar asossiz bo‘hton hisoblanadi. 
UrDU rahbariyati talabalarni har doim qo‘llab-quvvatlashga tayyor va ularning ta’lim olishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratishga mas’uldir. Talabalarning huquqlarini himoya qilishga, ta’limning shaffofligi va xolisligini ta’minlashga sodiqdir.

Muhtaram ota-onalar va talaba-yoshlar! 

Iltimos, tasdiqlanmagan, manbasi noma’lum ma’lumotlarga ishonmang. Universitetdagi voqealar bo‘yicha aniq ma’lumotni faqat rasmiy kanallar orqali oling.

UrDU ma’muriyati