Bugun, 27-may kuni Xorazm viloyati “Yoshlik” sport majmuasida matematika bo'yicha oʻtkazilayotgan Al-Xorazmiy nomidagi III xalqaro olimpiadaning ochilish marosimi bo’lib o’tdi. Tantanali marosimni Xorazm viloyati hokimi o’rinbosari S.Salayev kirish so’z bilan ochib berib, ushbu nufuzli olimpiadaning xalqaro ahamiyati va matematika sohasi rivojidagi o’rni to’g’risida so’z yuritdi.
Shundan so’ng, Oliy taʼlimni rivojlantirish tadqiqotlar markazi direktori oʻrinbosari M.Esonov, O'zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi V.I.Romanovskiy nomidagi Matematika instituti direktori o’rinbosari A.Xudoyberdiyev, Urganch davlat universiteti rektori v.v.b S.Xodjaniyazov hamda Kaliforniya davlat universiteti professori, olimpiadaning hakamlar hayʼati raisi Z.Ibragimovlar so’zga chiqdilar.
Tantanali tadbirda e’tirof etilganidek, talabalar o‘rtasida tashkil etilayotgan mazkur olimpiada musobaqasi O‘zbekistonda uchinchi marotaba o‘tkazilmoqda. Olimpiada bahslari shu yilning 28-29 may kunlari “Yoshlik” sport majmuasida tashkil etiladi. Unda Braziliya, AQSh, Xitoy, Hindiston, Janubiy Koreya, Malayziya, Yaponiya, Vyetnam, Rossiya, Serbiya, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Tojikiston, Turkiya, Turkmaniston kabi dunyoning yetakchi mamlakatlari, shuningdek, yurtimizning koʻplab oliy taʼlim muassasalaridan jami 218 nafar ishtirokchi matematikaning eng murakkab jumboqlariga mantiqiy va ijodiy yondashuv bilan yechim izlaydilar.
Ushbu xalqaro olimpiadani o‘tkazishdan ko’zlangan asosiy maqsad buyuk ajdodlarimizning jahon sivilizatsiyasi rivojiga qo‘shgan ulkan hissasini xalqaro miqyosda keng targ‘ib qilish, iqtidorli talabalarning xorijiy mamlakatlardagi tengdoshlari bilan do‘stona raqobatlashish muhitini yaratish, yoshlarning matematika fanini chuqur o‘rganishga qiziqishlarini oshirishdan iborat.