Buyuk shoir va mutafakkir, atoqli davlat va jamoat arbobi Alisher Navoiyning bebaho ijodiy-ilmiy merosi nafaqat xalqimiz, balki jahon adabiyoti tarixida, milliy madaniyatimiz va adabiy-estetik tafakkurimiz rivojida alohida o‘rin tutadi.

2021-yilning 8-fevral kuni Urganch davlat universitetida Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligiga bag‘ishlangan tantanali tadbir hamda “She’riyat shohsupasi " ko‘rik-tanlovining navbatdagi bosqichi bo‘lib o‘tdi. Tadbirni UrDU rektori f-m.f d. B.I.Abdullayev ochib berdi. Adabiy-badiiy kechada Filologiya fakultetining iqtidorli talaba-yoshlari tomonidan ijro etilgan Navoiy ijodidan sahna ko‘rinishlari, g‘azalxonlik chiqishlari, kuy va navolar, go‘zal raqslari ishtirokchilar kayfiyatini, tadbir shukuhini yanada oshirdi.

Tadbir davomida "She’riyat shohsupasi" ko‘rik-tanlovi yig`ilganlarni yanada ruhlantirdi. Tanlovda qatnashgan 13 nafar talaba qizlar shoir g‘azallaridan ifodali o‘qib, eng faol talabalar ikkinchi bosqichga o‘tishdi. Ikkinchi bosqichda esa eng zukko va bilimdon talabalar bahr-u bayt orqali o‘z iste’dodlarini namoyon qilishdi. Tadbirda 185-guruh o‘zbek tili ta’lim yo‘nalishi talabasi Abdullayeva Zulfizar g‘olib deb topildi. Tadbir nihoyasida Filologiya fakulteti dekani dots.D.Gʻayipov tadbirda faol ishtirok qilgan talabalarni va insholar tanlovi g‘oliblarini faxriy yorliq hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirladi.