MUROJAATNOMA
23.07.2021

Yurtimizda salkam to‘rt oydan beri davom etayotgan vaksinatsiya jarayonlari virus ta’sirni kamaytirishda asosiy omil bo‘lib turibdi.
Insoniyat koronavirus kasalligi tufayli qanchadan - qancha yaqin insonlaridan ayrildi, kasallik vaqtida og‘ir asoratlarni boshdan kechirdi. Men o‘zim ham bu kasallikni boshdan kechirdim. Avvalambor, Ollohning inoyati qolaversa, shifokorlarning sidqidildan qilgan sa’y-harakatlari hamda davlatimizning g‘amxo‘rligi tufayli shukurki yengil o‘tkazdim.
Dunyo bo‘ylab COVID-19 ga qarshi eng samarali kurash - bu ommaviy emlash orqali erishilayotganini kuzatish mumkin. Vaksina - bu virusga qarshi kuchli vosita bo‘lganligi tufayli, biz ham emlash orqali jamiyat oldidagi fuqarolik burchimizni bajaramiz deb hisoblayman.
Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida bugun oʻlkamizda xalq salomatligini saqlash va turli xavf-xatarlardan asrab qolish boʻyicha olib borilayotgan keng miqyosli chora-tadbirlar zamonaviy ilm-fanning, raqamli texnologiyalarning va bir qancha sohalarning rivojlanishiga olib kelmoqda. Shiddat bilan rivojlanayotgan vatanimizda amalga oshirilayotgan tezkor chora-tadbirlar natijasida COVID-19 balosi tez orada bartaraf etilishiga shubha yoʻq, albatta. Xalqimiz esa oʻz davlatining bu jonkuyarligini toʻligʻicha anglab yetishiga va oʻz navbatida, bu imkoniyatlardan foydalangan holda bugungi kunda vatan oldidagi oʻz muqaddas burchini ado etishiga hech shubha yoʻq.
Men ham COVID-19 ga qarshi vaksina oldim, o‘zimni juda yaxshi his qilyapman. Aziz kasbdoshlarim va hurmatli talabalar! Siz ham oʼzingiz va yaqinlaringizni sogʼligiga befarq boʼlmang! Siz, avvalo, oilangiz, yaqinlaringiz va butun jamiyatga keraksiz.
Agar Siz vaksina olmagan bo‘lsangiz, fursatni boy bermay, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan turli mish-mishlarga ishonmasdan vaksina olishingizni tavsiya qilaman.
Keling, koronavirusdan o‘zimizni va yaqinlarimizni himoya qilish uchun ommaviy emlash jarayonida safimizga qo‘shiling!

Baxrom Abdullayev
Urganch davlat universiteti rektori