Avval xabar berganimizdek, joriy yil 8-iyun sanasida Urganch davlat universitetida "Ikki buyuk, bizning umumxalq shoirlarimiz - Mehmet Akif Ersoy va Abdulhamid Sulaymon o'g'li Cho'lpon" simpoziumi boʻlib oʻtadi.
Ushbu simpoziumda ishtirok etish maqsadida bugun Turkiya Respublikasidan 30 nafar qatnashchilardan iborat delegatsiya tashrif buyurdi.
Bugun, 7-iyun sanasida delegatsiya aʼzolari universitet rahbariyati bilan uchrashdilar. Uchrashuvda UrDU Oʻquv ishlari boʻyicha prorektori S.Xodjaniyozov, Filologiya fakulteti dekani D.Gʻayipov, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi viloyat boʻlimi rahbari B.Abdirimov hamda delegatsiya aʼzolari ishtirok etdilar.
Rasmiy doiradagi uchrashuv avvalida mehmonlarga Urganch davlat universiteti haqida batafsil maʼlumot berilib, bugungi kunda Turkiya oliy taʼlim muassasalari bilan olib borilayotgan hamkorlik aloqalari, rasmiy tashriflar, shuningdek, Filologiya fakulteti bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tadbirlar haqida bayon etildi.
Uchrashuv asnosida, prorektor S.Xodjaniyozov ushbu simpozium Filologiya fakulteti tashabbusi bilan oʻtkazilayotganligini taʼkidlab, talabalarimizning turk madaniyati va adabiyotiga qiziqishi kattaligini alohida eʼtirof etdi va kelgusida bu borada hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash istagini bildirdi.
Oʻz navbatida, mehmonlar ham samimiy mehmondorchilik uchun mamnuniyatlarini izhor etib, simpoziumni ahamiyati haqida toʻxtaldilar. Ikki xalq madaniyatini, adabiyotini ayniqsa, yoshlar orasida keng targʻib qilish, turk yozuvchilarini asarlarini oʻzbek tiliga, oʻzbek adiblarining asarlarini esa turk tiliga tarjima qilish borasida fikrlarini bildirdilar.
Uchrashuv yakunida tomonlar bir-birlariga esdalik sovgʻalari ulashdilar.