Ma’lumki, keyingi yillarda maktab, mahalla va oliy ta’lim muassasasi hamkorligi samarali yo‘lga qo‘yildi. Yoshlarga chuqur ta’lim berish, ilmiy iqtidorlarini kamol toptirish orqali saviyasini, dunyoqarashini yuksaltirish, kelajakda yaxshi kasb egalari boʻlishlari uchun sharoitlar yaratishga ham katta e’tibor qaratilgan. Bu borada maktablarga oliy taʼlim muassasalari yelkadosh boʻlmoqda.
Bugungi kunda Urganch davlat universitetiga viloyatimizdagi 10 ta mahalla biriktirilgan boʻlib, universitetning barcha fakultetlari belgilangan mahallalardagi yoshlarning, maktab о‘quvchilarining bо‘sh vaqtlarini unumli oʻtkazishlari uchun yaqindan koʻmaklashmoqdalar. Jumladan, yoshlarning qiziqishlaridan kelib chiqqan holda turli fan toʻgaraklari tashkil qilgan boʻlib, universitet professor-oʻqituvchilari muntazam ravishda ushbu toʻgaraklarda dars mashgʻulotlarini olib bormoqdalar. Shuningdek, turli sport musobaqalari va “Zakovat” oʻyinlari ham oʻz atrofiga qiziquvchan yoshlarni jamlab kelmoqda.