Bugun Urganch davlat universitetida Xorijiy filologiya fakulteti tashabbusi bilan “Zamonaviy va chogʻishtirma tilshunoslik, qiyosiy adabiyotshunoslik, tarjimashunoslik masalalari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy anjuman boʻlib oʻtmoqda. Konferensiyaning ochilish marosimida xorijning va respublikamizning hamkor universitetlaridan olimlar, universitet rahbariyati, Xorijiy filologiya fakulteti professor-oʻqituvchilari va talaba-yoshlar ishtirok etishdi.
Ushbu anjuman butun dunyodagi barcha darajalarda qiyosiy tilshunoslik, tarjimashunoslik va chet tili oʻqitishga qiziqqan tadqiqotchilar, amaliyotchilar va oʻqituvchilarni birlashtirishga mo`ljallangandir. Qolaversa, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning hamda Vazirlar Mahkamasining mamlakatimizda xorijiy tillarni oʻrganishni ommalashtirishga qaratilgan qarorlarining amaldagi ifodasi hisoblanadi.
Konferensiyani UrDu rektori B.Abdullayev kirish soʻzi bilan ochib berib, anjuman ishiga rivoj tiladi. Shuningdek, Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo'yicha prorektor Z.Ibragimov, professor O.Jumaniyozov, Xorijiy filologiya fakulteti dekani Z.Jumaniyozovlarning tabrik soʻzlari tinglandi.
Shundan soʻng, konferensiyaning plenar yigʻilishiga navbat berilib, unda kun tartibidan oʻrin olgan olimlarning zaldan turib va Zoom platformasi orqali maʼruzalari tinglandi.
Anjuman kunning ikkinchi yarmida oʼz ishini shoʼbalarda davom ettirmoqda.