Urganch davlat universitetida “Yoshlar oyligi” munosabati bilan “Bilim va tafakkurimiz shu el uchun, shu yurt uchun” shiori ostida tadbirlar davom etmoqda.
Bugun, 16-iyun kuni universitetimizning “Zakovat” oʻyinlariga qiziqishi baland yoshlari hamda “Zakovat” intellektual klubi NNT Xorazm viloyat koordinatori, "Shuhrat" medali sohibi Azamat Matkarimov ishtirokida uchrashuv o‘tkazildi.
Uchrashuvni UrDU Birinchi prorektori Sanjarbek Davletov kirish soʻzi bilan boshlab berdi. Talabalarga o‘ziga xos motivatsiya bergan muloqotda Azamat Matkarimov 2021-yilda Buxoro viloyatida bo‘lib o‘tgan «Zakovat» Breyn-ring intellektual o‘yini respublika bosqichining hal qiluvchi super-finalida Xorazm viloyati jamoasining super-chempionga aylanganligi, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev shaxsan ishtirok etib, o‘yin yakuniga qadar kuzatib borganligi va kutilmaganda chempionlarning 3 nafariga “Kelajak bunyodkori”, 3 nafariga esa “Shuhrat” medalini g‘oliblar ko‘ksiga taqib qo‘yganliklari hamda jamoa a’zolarining har biriga avtomobil sovg‘a qilganligini hayajon va g‘urur bilan so‘zlab berdi. Bilim hamisha muvaffaqiyat va g‘alaba kaliti ekanligi, har bir sabr ortida, albatta, muvaffaqiyat borligiga ishonish muhimliga haqida talabalarga o‘z tavsiyalarini berdi.
Uchrashuvda Azamat Matkarimovga Urganch davlat universitetida “Zakovat”ni keng targ‘ib qilish va ommalashtirishda yaqindan ko‘magi uchun universitet rektorining Tashakkurnomasi topshirildi.
Shu o‘rinda aytish joizki, Urganch davlat universitetining “Gallaktikos” zakovat jamoasi 2021-2022 o‘quv yilida Oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida o‘tkazilgan “Talabalar ligasi”ning bahorgi mavsumida 1-o‘rin, 2022-2023 o‘quv yilining qishki mavsumida 2-o‘rin hamda umumiy yillik reyting o‘yinlari natijasiga ko‘ra respublikaning 500 dan ortiq jamoalar orasida 3-o‘rinni qo‘lga kiritdi. Uchrashuv yakunida “Talabalar ligasi” turnir yili g‘oliblari bo‘lgan ushbu jamoa a’zolariga “Zakovat intellektual klubi” NNT tomonidan medal, Bookreader va diplomlar topshirildi.