Bugun universitetimiz talabalari o‘z bilimlari va iqtidorlari bilan o‘z tengdoshlari orasida o‘z o‘rniga ega bo‘lib, azm-u shijoatli, navqiron yigit-qizlarimiz o‘z sohalarida, jamoat ishlarida yutuqlarga munosib bo‘lishmoqda. Talabalarimizning turli jabhalarda faoliyat yuritib kelayotganligi va ularning ulkan natijalarga erishayotganligi, albatta, bizni quvontiradi.
Talabalarimiz o‘rtasida turli tanlovlar tashkil etish, sog‘lom turmush tarzini mustahkamlash, yoshlarimizni hayotga tayyorlash, uyushmagan yoshlar bilan ishlash dolzarb vazifa bo‘lib qolmoqda. Biz talabalarimizga nafaqat o‘z sohalari bo‘yicha nazariy va amaliy bilimlarni, balki mamlakatimiz hayotidagi demokratik jarayonlarda faol ishtirok etishiga, ularning siyosiy va ijtimoiy salohiyatini oshirishga alohida e’tibor qaratishimiz lozim.
Universitetimizning har bir talabasi O‘zbekistonning buyuk kelajagini barpo etishdek buyuk ishga o‘z hissasini qo‘shishi, shuningdek, yoshlarning orzu-intilishlari, ilg‘or g‘oya va tashabbuslarini ro‘yobga chiqarish maqsadida Muhtaram Prezidentimiz boshlagan xayrli ishlarini davom ettirib, uning ijrosini ta’minlab, yangi, yanada yuksak bosqichlarga olib chiqish zarurdir.
Hurmatli talabalar!
Ishonchim komil, Sizlar zamonaviy bilim va taraqqiyot cho‘qqilarini egallab, o‘z amaliy ishlaringiz, g‘ayrat-shijoatingiz bilan jonajon Vatanimizga munosib, sadoqatli farzandlar bo‘lasiz. Yana bir bor Siz, aziz talabalarni "Yoshlar kuni" bilan qutlab, barchangizga sihat-salomatlik, hayotingizda yangi yutuq va omadlar tilayman.
????????Yangi O‘zbekiston yoshlari, "30-iyun – Yoshlar kuni" muborak bo'lsin!
Baxrom Abdullayev
Urganch davlat universiteti rektori, f-m.f.d.