Yevropa Ittifoqining ERASMUS-EDU-2022-CBHE dasturi «ECAMPUZ — European World Talent Camp for Uzbekistan Sciyentists in Food Sciyence and Technology» loyihasi doirasida 2023-yil 18 – 30 sentabr kunlari O‘zbekistondagi hamkor oliygohlarning 26 nafar bakalavriat, magistratura talabalari uchun loyihaning ikki haftalik treningi (CAMP-1) tashkil etilmoqda.
ECAMPUZ – bu O‘zbekistonning olti hamkor oliy taʼlim muassasasi va Yevropa Ittifoqining nufuzli ikki oliy o‘quv yurti hamkorligi doirasida salohiyatni oshirish bo‘yicha uch yilga mo‘ljallangan qo‘shma Erasmus+ loyihasidir.
Loyihaning asosiy maqsadi O‘zbekistonda oziq-ovqat sektorida “Barqaror o‘sish va ish o‘rinlari” (“Bilimlar uchburchagi, innovatsiya” kichik toifasi) bilan bog‘liq milliy ustuvorliklarni hal qilish uchun salohiyatni oshirish, barqaror vositalarni ishlab chiqish va joriy etishdan iborat.
Ikki haftaga moʻljallangan CAMP-1 dasturida Yevropa universitetlarining 5 nafar professor-o‘qituvchilari: Kopengagen universiteti (Daniya) – ass.prof. Bekzod Xakimov, ass. Tomasz Pawel Czaja; Estremadura universiteti (Ispaniya) – prof. Jorge Ruiz-Carrascal, ass.prof. Mario Estevez Garcia, Dr. Ana Isabel Andres Niyeto singari olimlar talabalarga oziq-ovqat fanlari yoʻnalishi boʻyicha darslar oʻtadi.
Toshkent kimyo-texnologiya instituti va Ilg‘or texnologiyalar markazi mazkur loyiha koordinatorlari hisoblanadi.
Toshkent kimyo-texnologiya instituti va Urganch davlat universiteti o‘rtasida ushbu loyiha yuzasidan hamkorlik shartnomasi imzolangan. Shu munosabat bilan, respublikaning 5 ta oliy taʼlim muassasalari qatorida Urganch davlat universitetining ham 6 nafar magistr va bakalavr talabalari 18-24-sentabr kunlari Toshkent viloyati, Bo‘stonliq tumani, “Yoshlar” oromgohidagi loyiha mashg‘ulotlarida ishtirok etmoqdalar.
Loyihaning navbatdagi darslari 25-30-sentabr kunlari Toshkent kimyo-texnologiya instituti va Ilg'or texnologiyalar markazida bo'lib o'tishi rejalashtirilgan.