Xabar berganimizdek, shu kunlarda Fransiyaning hamkor Puate universiteti delegatsiyasi ikki universitet o’rtasidagi hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirish, fakultetlarda professor-o’qituvchilar va talabalar bilan uchrashib, ma’ruza va seminarlarda ishtirok etish maqsadida Urganch davlat universitetida boʻlib turishibdi.
Bugun, 27-sentabr kuni delegatsiya aʼzolari bilan UrDU rektori B.Abdullayevning uchrashuvi boʻlib oʻtdi. Mehmonlar bilan muloqotda rektor B.Abdullayev Puate universiteti bilan olib borilayotgan hamkorlik aloqalari haqida gapirib, buni taʼlimning turli yoʻnalishlarida yanada kengaytirishdan Urganch davlat universiteti manfaatdor ekanligini bildirdi.
Oʻz navbatida, delegatsiya aʼzolari ushbu aloqalarini har ikkala oliygoh uchun ham yanada istiqbolli loyihalar asosida rivojlantirishdan umidvor ekanligini bildirishdi.
“Hozirda 3 nafar talabangiz bizda Erasmus+ loyihasi doirasida tahsil olmoqda. Ular juda harakatchan, oʻz ustida ishlaydi va odobli. Buni uchun sizga katta rahmat. Bundan keyin ham shu kabi talaba almashinuv dasturlarni amalga oshirish istagidamiz”, – deya eʼtirof etdi Puate universitetining Tillar va adabiyot fakultetining Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan talabalar almashinuvi dasturlari rahbari, Qozog’istondagi Erasmus dasturlari koordinatori Licia Bagini.
Uchrashuvda tomonlar kelgusida oʻquv va ilmiy faoliyatdagi aloqalarni yanada rivojlantirish boʻyicha oʻz takliflarini bildirib, kelishuvlarga erishdilar.