Joriy yilning 8-fevral kuni Urganch davlat universiteti O'zbek filologiyasi fakulteti tomonidan so’z mulkining sultoni, ulugʻ shoir va mutafakkir Alisher Navoiy tavalludining 583 yilligiga bag’ishlangan “Alisher Navoiy adabiy merosi: talqin va tahlil muammolari” mavzusidagi ilmiy-amaliy anjuman hamda mutafakkir ijodini, boy adabiy merosini chuqur oʻrganish, uning asarlari mazmun-mohiyatini teran anglash maqsadida universitet talabalari ishtirokida anʼanaviy tarzda oʻtkazilib kelinayotgan "Navoiyxon talaba" ko‘rik- tanlovining final soni tashkil qilindi.
Ilmiy-amaliy anjuman davomida o’zbek adabiyoti va tilshunosligida Navoiyning o’rni, shoir ijodini tadqiq qilish borasida qilingan ishlar yuzasidan professor-o’qituvchilarning ma’ruzalari tinglandi. Anjuman "Navoiyxon talaba" ko‘rik- tanlovi bilan davom qildi.
Tanlov ishtirokchilari orasidagi savol-javob, bahs-munozaralar va talabalar tomonidan oʻqilgan Alisher Navoiy lirikasidan namunalar hamda talabalarning badiiy chiqishlari orqali oʻziga xos koʻtarinki ruhda 3 shart asosida boʻlib oʻtdi.
Badiiy qism Filologiya va tillarni o'qitish: o'zbek tili ta'lim yo'nalishi 215-guruh talabalarining chiqishlari, Navoiy asarlari asosida tayyorlangan sahna koʻrinishi hamda Navoiy ijodiga mansub gʻazallarga bastalangan kuy-qoʻshiq va go'zal raqslar bilan yanada jonli tus oldi.
Tanlov natijalariga ko'ra quyidagi talabalar g'oliblikni qo'lga kiritdi:
1-o'rin: Hasanboyeva Munisa (o'zbek tili ta'lim yo'nalishi 202-guruh talabasi);
2-o'rin: Rahimova Dilrabo (o'zbek tili ta'lim yo'nalishi 211-guruh talabasi);
3-o'rin: Odamboyeva Mohichehra (o'zbek tili ta'lim yo'nalishi 232-guruh talabasi).
Tanlov final soni boʻlganligi sababli 1-oʼrin sohibasiga anʼanaga muvofiq, rektorning maxsus qimmatbaho sovgʼasi - noutbuk taqdim etildi.
Tanlov g'oliblari fakultet dekani, prof. D.G'ayipov hamda professor-oʼqituvchilar tomonidan diplom hamda esdalik sovg'alari bilan taqdirlandi.