Bugun Urganch shahridagi Amir Temur nomidagi istirohat bog‘ida Urganch davlat universiteti tomonidan “Milliy qadriyatlar festivali” tashkil etildi.
Mazkur festivaldan ko‘zlangan asosiy maqsad yoshlarda milliy an’analarimiz, qadriyat va urf-odatlarimizga nisbatan hurmat, Vatanga sadoqat kabi olijanob tuyg‘ularni shakllantirish, yoshlarning ma’naviy barkamol shaxs sifatida jamiyatda o‘z o‘rinlarini topishlari uchun ko‘maklashish hamda “ommaviy madaniyat” taʼsiridan asrashga qaratilgandir.
Festival universitet talabalari tomonidan tashkil etilgan milliy liboslar ko’rgazmasi, milliy an’analarimizni aks ettiruvchi sahna ko’rinishlari bilan o’zgacha tus oldi. Shu bilan birga, talabalarning qo’l mehnatlari va ijodiy ishlari namoyishi tengqurlari uchun ajoyib namuna boʻldi.
Festival doirasida Yoshlar markazi binosida Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi Xorazm viloyati boʻlimi rahbari, shoira Gavhar Ibodullayeva bilan adabiy uchrashuv ham tashkil etildi. Ushbu ijodiy uchrashuv adabiyotga, sheʼriyatga oshno talaba-yoshlarni o’z atrofiga jam qildi.
Ayniqsa, arqon tortish, tosh ko’tarish va workout sport turlari bo’yicha o’tkazilgan musobaqalar festivalga tashrif buyurganlarda katta taassurot qoldirdi.