Urganch davlat universitetida 2024-yilning 24-iyunidan 5-iyuliga moʻljallangan CIMPA yozgi maktabi bugun oʻz ishini boshladi.
CIMPA school – Xalqaro fundamental va tadbiqiy matematika markazi (Centre International de Mathématiques Pures et Appliquées) Fransiya tashkiloti bo‘lib, asosiy maqsadi dunyoda matematikani rivojlantirishga ko‘maklashishdan iborat. U har yili dunyo bo‘ylab 20 tacha xalqaro matematika maktablarini tashkil etadi va moliyalashtiradi. Urganch davlat universiteti ushbu markaz bilan 2021-yildan buyon hamkorlik qilib kelmoqda.
Bu yil ham ikki haftalik CIMPA yozgi maktabi dunyoning oʻndan ortiq davlatlaridan taniqli matematik olimlar va ilmiy izlanuvchilarni Al-Xorazmiy vatanida jam qildi.
Taʼkidlanganidek, AQSh, Yevropa Ittifoqi va Rossiyadan 10 nafar yetuk matematik olimlar, O‘zbekiston, Qozog‘iston, Xitoy, Hindiston, Turkiya, Filippin, AQSh dan tashrif buyuradigan tinglovchilarga ma’ruza va amaliy mashg‘ulotlar olib boradilar.
Xalqaro maktab doirasida Xorazmning turistik hududlari boʻlgan Xiva “Ichan qal’a” muzey qoʻriqxonasi va “Qalajiq qal’a” meʼmoriy obyektlariga 2 kunlik sayohat va madaniy tadbirlar rejalashtirilgan.