Rahbar xodimlar ogohlikka chaqirildi!

Bugun Urganch davlat universiteti rektori Baxrom Abdullayev tomonidan barcha prorektorlar, fakultetlar dekanlari hamda boʻlim boshliqlari ishtirokida tanqidiy-tahliliy ruhda yigʻilish oʻtkazildi.

Yigʻilishda asosiy eʼtibor yangi 2024-2025 oʻquv yiliga tayyorgarlik hamda qabul jarayonlari masalalariga qaratildi.

Xususan, qabul jarayonlarini yuqori saviyada oʻtkazish, bu borada ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash, turli noxush holatlarni oldini olish, ota-onalar va abituriyentlar orasida har xil firibgarlarning turli aldovlariga aldanib qolmasliklari uchun tushuntirish ishlarini olib borish zarurligi taʼkidlandi. Qolaversa, professor-oʻqituvchilar va xodimlarning noqonuniy holatlarga aralashib qolishlarini oldini olish boʻyicha yana bir bor tushuntirishlar berilib, jamoa ogohlikka chaqirildi.

Shuningdek, kafedralarning bugungi holati, 2024-2025 o‘quv yilida professor-o‘qituvchilarga o‘quv yuklamalarini adolatli taqsimlash hamda o‘quv rejalarini o‘z vaqtida tasdiqlatish masalasi muhokama etildi.

Yakunda yigʻilish kun tartibidagi asosiy masalalar yuzasidan rahbar xodimlarning fikr-mulohazalari, takliflari tinglandi.