Bugun , 22-iyul kuni Urganch davlat universitetini muvaffaqiyatli tamomlagan magistr hamda bakalavr bosqichi bitiruvchilariga tantanali diplom topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda universitet rahbariyati, faxriy professor-oʻqituvchilari, bitiruvchi talaba-yoshlar hamda ularning ota-onalari ishtirok etdilar. Tantanali marosim Oʻzbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi yangrashi bilan boshlandi.
Tadbirni UrDU rektori, professor Baxrom Abdullayev tabrik soʻzi bilan ochib berdi, yakunlanayotgan o‘quv yilini sarhisob qilib, yoshlarimizning ko‘pgina yo‘nalishlarda o‘zlarining bor qobiliyat va intellektual salohiyatlarini namoyon etib, katta yutuqlarni qo‘lga kiritganliklarini mamnuniyat ila eʼtirof etdi. Yillar davomida egallagan bilimlarini el-yurt ravnaqi yo‘lida sarf qilib, mamlakatimiz rivojiga hissa qo‘shishda hech tolmaslikni, kelgusidagi ishlarida omad yor bo‘lishini tiladi. Shuningdek, universitetimizni bir guruh ustozlari ham bitiruvchi yoshlarga oʻzlarining samimiy tilak va istaklari bilan chiqish qildilar.
Shundan so‘ng, diplom topshirish marosimining asosiy qismiga start berildi. Ta’kidlash joizki, 2023/2024 o‘quv yilida Urganch davlat universitetini jami 8 661 nafar talaba muvaffaqiyatli tamomladi. Shundan 105 nafari magistr, 8 556 nafari bakalavr darajasidagi talabalardir. Imtiyozli diplomlar asosida tamomlaganlar esa 121 nafarni tashkil etadi.
Urganch davlat universiteti jamoasi bitiruvchi yoshlarimizni chin yurakdan tabriklaydi va kelgusi faoliyatlarida ulkan muvaffaqiyatlar tilaydi!