24-avgust kuni O'zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o'rinbosari Zulayxo Maxkamova Xorazm viloyati hokim o'rinbosari, Oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig'i Nigora Qutlimurotova hamrohligida Urganch davlat universitetining Kimyoviy texnologiyalar fakultetiga tashrif buyurdi. Mehmonlar universitet rektori Baxrom Abdullayev hamda Kimyoviy texnologiyalar fakulteti professor-o’qituvchilari tomonidan iliq qarshi olindi hamda fakultetning ilmiy-innovatsion sohadagi ishlanmalari, ishlab chiqarishga tayyor loyihalari koʻrgazmasi bilan yaqindan tanishtirildi.
Ko‘rgazmada fakultet olimlari, doktorant va magistrlari tomonidan yaratilgan 20 turdan ortiq ilmiy ishlanma va ixtirolar o‘rin olgan boʻlib, mehmonlarga professor M.Jumaniyozov tomonidan har bir mahsulotning yaratilishi haqida maʼlumotlar berildi.
Ayniqsa, qovundan ishlab chiqarilgan 100 dan ortiq mahsulotlar Z.Maxkamovada katta qiziqish uyg'otdi. Vazir o'rinbosari bu g'oya va loyihalarni ko'zdan kechirar ekan, ularni ishlab chiqarishga jalb qilish taklifini bildirib, bu borada amaliy qoʻllab-quvvatlashini taʼkidladi. Shuningdek, mehmonlar fakultetning laboratoriyalari bilan ham yaqindan tanishdilar.