Bugun, 29-avgust kuni yangi oʻquv yili boshlanishi oldidan Urganch davlat universiteti Kengashining 1-majlisi ko’plab quvonchli xabarlarga boy tarzda oʻtdi.
Anʼanaga muvofiq, dastavval universitet professor-o’qituvchilarining yutuqlari e’tirof etildi. Kengash majlisida Xorazm viloyati hokimi o’rinbosari B.Saidov ishtirok etib, jamoani O‘zbekiston Respublikasi Davlat mustaqilligining 33 yilligi bilan qizg'in tabrikladi hamda universitet o'qituvchisi, maqom xonandasi Ochilbek Matchanovning "O'zbekiston Respublikasi xalq hofizi" faxriy unvoni bilan taqdirlangani uchun O.Matchanovning Tashakkurnomasi va esdalik sovgʻasini ustoz B.Rahimovga topshirdi.
Urganch davlat universiteti rektori B.Abdullayev UrDU akademik litseyining nemis tili o’qituvchisi N.Nurillayevaga namunali faoliyati uchun Urganch davlat universiteti rektorining Tashakkurnomasi va esdalik sovgʻasini, Filologiya va sanʼat fakulteti oʻqituvchisi S.Xudayberganovga Butunjahon xalq ijodkorlari uyushmasi aʼzoligiga qabul qilinganligi haqidagi diplomni topshirdi.
Shuningdek, Fan doktori, Dotsent hamda PhD ilmiy darajalariga ega boʻlgan professor-o’qituvchilarga diplomlari topshirildi.
Urganch davlat universiteti Kengashining 1-majlisi avvalida universitet Kasaba uyushma qo’mitasi tomonidan 2024-yil – “Yoshlar va biznesni qo’llab-quvvatlash yili” davlat dasturi doirasida jamoa shartnomasi orqali 15 nafar pedagog-xodimga yubiley sanalari munosabati bilan universitet nomidan qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.
Shundan so'ng, Kengash yigʻilishi kun tartibidan o'rin olgan masalalar yuzasidan o'z faoliyatini davom ettirdi.