Urganch davlat universiteti Italiya OTM lari bilan kelishuvlarga erishmoqda

Joriy yilning 23–27-sentyabr kunlari Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan O‘zbekistonda ilk bor O‘zbekiston va Italiya o‘rtasida oliy ta’lim sohasidagi aloqalarni yanada mustahkamlashga qaratilgan Birinchi O‘zbekiston-Italiya ta’lim forumi o‘tkazilmoqda. Forumning ilki kuni Toshkent shahridagi Turin politexnika universitetida tashkil etilmoqda.

Forumda 40 dan ortiq O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalari rahbarlari qatorida Urganch davlat universiteti rektori, prof. Baxrom Abdullayev O‘quv ishlari bo‘yicha prorektor Sardor Xodjaniyozov bilan birgalikda ishtirok etmoqda.

Universitetimiz yetakchilari bugun mazkur forum doirasida Italiyaning Parma universiteti vitse-prezidenti Maria Cecilia Mancini bilan muzokaralar olib borib, hamkorlik memoranumini imzolashdi.

Shuningdek, mazkur forum doirasida universitetimiz yetakchilari Italiyaning yana ikkita oliy taʼlim muassasasi bilan hamkorlik oʻrnatishga erishdilar.  Jumladan, Italiyaning Kalyari universiteti prorektori Aleksadra Carucci hamda Salento universiteti rektori Polis Fabio bilan muzokaralar olib borilib, universitetlar uchun oʻzaro manfaatli hamkorlik memorandumlari imzolandi.

Endilikda ushbu oliygohlar bilan professor-oʻqituvchi va talabalar almashinuvi yo'lga qo'yish, akademik nashrlarni birgalikda amalga oshirish, ilmiy tadqiqot loyihalarini birgalikda ishlab chiqish, innovatsion ta'lim faoliyatini birgalikda yaratish va rivojlantirish, shuningdek, hamkorlikda konferensiyalar va seminarlar tashkil etish singari bir qator hamkorlik ishlari amalga oshiriladi.