Inson aziz – xotira muqaddas!

Bugun Urganch davlat universiteti Madaniyat saroyida Filologiya va san'at fakulteti tashabbbusi bilan "qo'sh sohil bulbuli", O'zbekiston, Qoraqalpog'iston, Tatariston, Turkmaniston xalq artisti Otajon Xudayshukurov tavalludining 80 yilligiga bag’ishlangan xotira kechasi tashkil etildi. Unda viloyatimiz sanʼat sohasining taniqli vakillari, Otajon Xudayshukurov shogird va izdoshlari, universitet rahbariyati, Filologiya va san'at fakulteti “Sanʼat” kafedrasi professor-oʻqituvchilari hamda talaba-yoshlar ishtirok etdi. 

 Otajon Xudayshukurov – Toʻrtkoʻl tumanida tavallud topgan xonanda, xalqimizning sevimli kuychisi, ashulalaridagi shijoat va joʻshqinlik, ehtiros, mazmuniy teranlik kabi xislatlar bilan tinglovchilar qalbidan chuqur joy olgan hofiz.

Tadbirni UrDU rektori B.Abdullayev kirish so’z bilan ochib berib, xalq artisti Otajon Xudayshukurov qoldirgan buyuk meros haqida so’z yuritib, xalqimiz qalbida bir umrga muhrlangan ashulalarini esga oldi.

Xotira kechasida Oʻzbekiston xalq artistlari aka-uka Gʻofurjon va Gʻulomjon Eshjonovlar va ular rahbarligidagi Xorazm maqom ansambli jamoasi, O'zbekiston Respublikasi xalq hofizi, “Sanʼat” kafedrasi oʻqituvchisi, professor Ochilbek Matchanovlar oʻzlarining xorazmcha milliy kuy-qoʻshiqlari, qolaversa, Otajon Xudayshukurov ijodiga mansub xonishlari bilan talaba-yoshlarni, professor-oʻqituvchilarni dillarini xushnud etishdi. Tadbirda Xorazm sanʼat olamining bir guruh dargʻalari soʻzga chiqib, O.Xudayshukurov hayoti va ijodiy faoliyatiga oid qiziqarli voqealarni esga oldilar. Xotira kechasi yakunida Filologiya va san'at fakultetining iqtidorli talabalari tomonidan she’riy chiqishlar va goʻzal raqslar namoyish etildi.

©️UrDU Matbuot xizmati