“Yangi Oʻzbekistonning tadbirkor ayollari” shiori ostida

Joriy yilning 7-12 oktabr kunlari yurtimiz boʻylab oʻtkazilayotgan "Innowomenweek-2024"  ixtirochi xotin-qizlarning innovatsion haftaligi doirasida bugun UrDU Kimyoviy texnologiyalar fakultetida universitet olima ayollari va yosh tadqiqotchi qizlarining koʻrgazmasi tashkil etildi.  Koʻrgazma “Yangi Oʻzbekistonning tadbirkor ayollari” shiori ostida boʻldi.

Unda Xorazm viloyati hokimining oʻrinbosari, Oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshligʻi N.Qutlimurotova ishtirok etib, tadbirni ochib berdi hamda Respublika miqyosida o‘tkazilayotgan mazkur haftalik mohiyati haqida to‘xtaldi va universitet olimalari tomonidan ko‘rgazmaga qo‘yilgan mahsulotlarni e‘tirof etdi. Shuningdek, fakultet dekani Sh.Kuramboyev mazkur haftalikning ahamiyati va olima ayollarning o‘ziga xos bayrami ekanligi haqida gapirib, haftalik ishiga muvaffaqiyat tiladilar.

Ta‘kidlash joizki, ushbu ko‘rgazmaga Urganch davlat universiteti ilmiy izlanuvchilari, magistr va doktorantlari, yosh olimalar va professor-o‘qituvchilari tomonidan tadqiq qilingan 50 dan ortiq yangi ishlanmalar namoyish etildi. 

Koʻrgazmada universitetning Xotin-qizlar masalalari boʻyicha rektor maslahatchisi N.Atajanova hamda universitetning bir guruh olima ayollari, professor-oʻqituvchilar, doktorantlar, mustaqil izlanuvchilar va iqtidorli talaba-qizlari ishtirok qilishdi.

Tadbir nihoyasida  bir guruh olima ayollar faxriy yorliq bilan taqdirlandi.