Bugun, 8-aprel kuni, Abu Rayhon Beruniy nomidagi Urganch davlat universitetiga Toshkent shahridagi Amity universiteti direktori Shuhrat Sattarov tashrif buyurdi. Dastlab universitet rektori v.v.b. Sardor Xodjaniyazov bilan rasmiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda ikki oliygoh imkoniyatlari muhokama etildi. Ayniqsa, IT va muhandislik sohalari, kompyuter injiniring, data analiz va sun’iy intellekt kabi zamonaviy va dolzarb yo‘nalishlarda hamkorlik o‘rnatish masalalari koʻrib chiqildi.
Muzokaralar natijasi o‘laroq, ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasida Anglashuv memorandumi imzolashga erishildi. Ushbu hamkorlik tomonlar o‘rtasida ilg‘or xalqaro tajribalar asosida professor-o‘qituvchilar va talabalar uchun o‘zaro almashuv dasturlariga ko‘maklashish, ilmiy sohada tajriba almashish, birgalikda konferensiyalar, seminarlar va simpoziumlar tashkil etish hamda amaliy mashg‘ulotlar imkoniyatlarini yaratish kabi masalalarni ko‘zda tutadi.
Shuningdek, Toshkent shahridagi Amity universiteti direktori Shuhrat Sattarov 8-aprel kuni Urganch davlat universiteti talabalariga “XXI asrda karyera va muvaffaqiyat koʻnikmalari” mavzusida maʼruza o‘qidi.
Maʼruzada bugungi kunda dunyo bo‘ylab eng yuqori talabga ega bo‘lgan sohalar va kasb tanlashda qaysi yo‘nalishlarni afzal ko‘rish kerakligi haqida so‘z bordi. Shuhrat Sattarov zamonaviy mehnat bozorining tahlili, hozirda rivojlanayotgan sohalar, dunyoning eng yirik kompaniyalari va ularning muvaffaqiyatini tahlil qilib, g‘oyalarni biznesga aylantirish jarayoniga ham alohida e’tibor qaratdi.
Shuningdek, maʼruzada zamonaviy inson portreti, muvaffaqiyatli karyera qurish uchun zarur bo‘lgan ko‘nikmalar va munosabatlarni boshqarishning ahamiyati haqida batafsil fikrlar bildirildi. U karyera yo‘lida muvaffaqiyatga erishish uchun talabalar zamonaviy bilimlar va innovatsion yondashuvlarga ega bo‘lishi kerakligini ta’kidladi.
Ushbu maʼruza talabalar uchun zamonaviy mehnat bozorida muvaffaqiyatli bo‘lishga yordam beradigan muhim maslahatlar va amaliy ko‘nikmalarni o‘rganish imkoniyatini yaratdi.