Xabaringiz bor, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 30-oktabrdagi PF-6099-son Farmoni — “Sogʻlom turmush tarzi va ommaviy sportni rivojlantirish toʻgʻrisida”gi farmoni ijrosi doirasida Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan 2025-yil may oyini respublika oliy va kasbiy taʼlim muassasalarida “Sportchi – yurt himoyachisi!” shiori ostida "Sport oyligi" deb eʼlon qilingan.
Bugun, 5-may kuni mazkur oylik doirasida ochilish marosimi bo’lib o’tdi. Unda Respublikaning barcha oliy ta’lim muassasalari qatorida Abu Rayhon Beruniy nomidagi Urganch davlat universiteti sport zalida Xorazm viloyatidagi barcha oliy ta’lim muassasalari rahbarlari hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining Xorazm viloyati hududiy boshqarmasi vakillari Zoom platformasi orqali markazlashgan holda ishtirok etishdi. Marosimni Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri Q.Sharipov ochib berib, ushbu tashabbus yoshlarimizni jismonan baquvvat, maʼnan barkamol va yurtiga sadoqatli avlod sifatida kamol toptirishga xizmat qilishi lozimligini ta’kidladi.
Shundan so’ng, talaba-yoshlar o’rtasida sport musobaqalari boshlandi. Ta’kidlash joizki, sport oyligi davomida yoshlar o'rtasida ommaviy sport musobaqalari, harbiylashtirilgan jamoalar oʻrtasida bellashuvlar, sport festivallari va boshqa turli tadbirlar tashkil etilishi rejalashtirilgan.