Bugun, 10-may kuni Abu Rayhon Beruniy nomidagi Urganch davlat universitetida ko’plab shogirdlarning ustozi, matematik olim, fizika-matematika fanlari nomzodi, dotsent Ismoil Abdullayev xotirasiga bag‘ishlab Matematika fani bo’yicha xotira turniri boʻlib oʻtdi. Unda viloyatdagi umumta’lim maktablari o‘quvchilari faol ishtirok etishdi.
Kuning ikkinchi yarimida umumta’lim maktablari o‘quvchilari ishtirokida o'tkazilgan matematika fani bo’yicha xotira turnirining taqdirlash marosimi bo’lib o’tdi. Dastlab marosimni UrDU rektori v.v.b. Sardor Xodjaniyazov ochib berdi.
Shuningdek, universitet faxriy professor-o’qituvchilari Sultonposhsha Masharipova, Anaxon Jumanazarova hamda Ijtimoiy-iqtisodiy fanlar fakulteti dekani Ilyos Abdullayevlar so’zga chiqib, ustozni yodga oldilar. Hayoti, ilmiy-ijodiy izlanishlari, matematika sohasiga qoʻshgan munosib hissasi va bugungi kunda olimning faoliyatini davom ettirib, jamiyatda oʻz oʻrniga ega izdoshlarini eʼtirof etdilar.
Oliy Majlis Senatining fan, ta'lim va sog'liqni saqlash masalalari qo'mitasi raisi Baxrom Abdullayev ilm-fan sohasida erishilayotgan yutuqlar, yurtimizda ta’limga bo’lgan e’tibor haqida so’z yuritib, bugungi turnirda faol ishtirok etgan barcha o’quvchi-yoshlarga minnatdorchilik bildirdi.
Shundan so’ng, umumta’lim maktablari o‘quvchilari ishtirokida o’tkazilgan xotira turnirining natijalari e’lon qilinib, turnir g’oliblari Diplom va esdalik sovg’alari bilan taqdirlandi. Shuningdek, turnirda faol ishtirok etgan maktab o’qituvchilariga tashakkurnomalar topshirildi.