Janubiy Koreya Respublikasining O‘zbekistondagi elchisi UrDUga tashrif buyurdi

Bugun, 16-may kuni Janubiy Koreya Respublikasining O‘zbekistondagi elchisi janob Von Doyeon boshchiligidagi delegatsiya Abu Rayhon Beruniy nomidagi Urganch davlat universitetiga tashrif buyurdi. Tashrif asnosida mehmonlar bilan Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi Xorazm viloyati hududiy boshqarmasi boshlig‘i Z.Sa'dullayev, UrDU rektori v.v.b. Sardor Xodjaniyazov boshchiligida universitet rahbariyati hamda Xorijiy filologiya fakulteti jamoasi ishtirokida rasmiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi. 

Dastalab rektor v.v.b.S.Xodjaniyozov tomonidan mehmonlarga universitetning bugungi kundagi faoliyati,  oʻquv jarayonlari, mavjud yoʻnalish va mutaxassisliklar, fakultetlar hamda oliygohning xalqaro hamkorlik aloqalari, shuningdek, Koreya oliy ta’lim muassasalari bilan amalga oshirilayotgan hamkorlik aloqalari haqida maʼlumotlar taqdim etildi. 

O’z navbatida elchi Von Doyeon iliq mehmondo’stlik uchun minnatdorlik izhor etib, Urganch davlat universitetining Koreya oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik aloqalariga katta qiziqish bildirdi. Kelgusida Koreya oliygohlari bilan Urganch davlat universiteti o’rtasida hamkorlikni yanada kengaytirish borasida o’z takliflarini berdi. 

Shuningdek, universitet rahbariyati tomonidan ham elchi Von Doyeon janoblariga qator takliflar bildirildi. Xususan, Janubiy Koreyaning TOP-500 talikka kirgan OTMlari bilan qo'shma ta'lim dasturlari tashkil etish, koreyalik filolog mutaxassislarni UrDUga jalb etish,  “Koreys tili markazi”ni tashkil qilish hamda markazni koreys adabiyotlari bilan ta’minlashga ko’maklashish, hamkorlikda innovatsion loyihalarni amalga oshirish, muhandislik, texnika va IT sohalarida hamkorlik qilish taklif qilindi. Elchi tomonidan ushbu takliflar qoʻllab-quvvatlandi.

Rasmiy uchrashuvidan soʻng, mehmonlar Xorijiy filologiya fakultetida tashkil etilgan “Koreys tili markazi”da bo’lib, markaz faoliyati bilan yaqindan tanishishdi. Filologiya va tillarni oʻqitish: koreys tili yoʻnalishida taʼlim olayotgan talabalar bilan suhbatda boʻlishdi.