UrDUda milliy liboslar festivali o'tkazildi

16-may kuni Abu Rayhon Beruniy nomidagi Urganch davlat universitetida yoshlar orasida xalqimizning milliy qadriyatlari, urf-odatlari va an’analarini keng targ'ib qilish maqsadida “Milliy liboslar – millat koʻrki” shiori ostida milliy liboslar festivali bo’lib o’tdi. 

Festivalda milliyligimizni targʻib etuvchi turli tadbirlar, milliy liboslar namoyishi, koʻrgazmalar, sport musobaqalari hamda koʻngilochar konsert dasturi tashkil etildi. Shuningdek, “Osh chempionati” ham tashkil etilib, unda oliygohning barcha 8 ta fakultetidan 8 ta jamoa katta ishtiyoq bilan o’zbek milliy taomi – osh tayyorlashdi.

Shuningdek, festival doirasida o'tkazilgan milliy liboslar namoyishda talabalar tomonidan turli hududlarga xos bo'lgan o'zbek milliy liboslarining zamonaviy talqindagi ko'rinishlari, an'anaviy naqshlar, atlas, adras kabi milliy matolardan tikilgan liboslar taqdim etildi.

Shundan so'ng, “Rektor kubogi” musobaqalari g’oliblarining taqdirlash marosimi bo’lib o’tdi. Sog'lom turmush tarzini targ'ib qilish, yoshlar o'rtasida jismoniy faollikni oshirish maqsadida bir oy mobaynida o’tkazilgan musobaqa g’oliblari universitet tomonidan Diplom va qimmatbaho esdalik sovg’alari bilan taqdirlandi.

Festival ko'ngilochar konsert dasturi bilan yakunlandi.