23-may kuni Abu Rayhon Beruniy nomidagi Urganch davlat universitetida Alisher Navoiy tavalludining 584 yilligi munosabati bilan “Alisher Navoiy ensiklopediyasi”ning taqdimot marosimi bo‘lib o‘tdi. Mazkur tadbir nafaqat ilmiy jamoatchilik, balki yosh avlod uchun ham katta ma’naviy ahamiyat kasb etdi.
Taqdimot marosimida taniqli adabiyotshunos olimlar, viloyat hokimligi vakillari, universitetning Filologiya va sanʼat fakulteti professor-o‘qituvchilari hamda talaba-yoshlar ishtirok etdilar. Tadbirni universitet birinchi prorektori D.Ibadullayev ochib berib, Alisher Navoiy merosining bugungi kunda ham dolzarb va muhim ahamiyatga ega ekanligini alohida ta’kidladi.
Taqdimotda ensiklopediya mas’ul muharriri, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti direktori o‘rinbosari, filologiya fanlari doktori, professor Maqsud Asadov tomonidan ushbu noyob asarning yaratilish tarixi, uning mazmun-mohiyati va ilmiy-metodik ahamiyati haqida chuqur tahliliy fikrlar bildirildi.
Tadbirni Filologiya va sanʼat fakulteti dekani, filologiya fanlari doktori, professor D. G‘ayipov olib bordi. U ensiklopediyaning ilmiy va amaliy ahamiyatiga to‘xtalib, uning o‘zbek adabiyoti va tilshunoslik taraqqiyotidagi o‘rnini alohida e’tirof etdi.
Shuningdek, Xorazm viloyati Pedagogik mahorat markazi Tillarni o‘qitish metodikasi kafedrasi mudiri, filologiya fanlari doktori, professor N.Sabirova, filologiya fanlari doktori, dotsent M.Otajonova, filologiya fanlari nomzodi, dotsent S.Matkarimova hamda Xorazm viloyati hokimining davlat tili masalalari bo‘yicha maslahatchisi J.Sobirovlar ensiklopediyaning kelgusida ta’lim sifatini oshirishda tutadigan o‘rni, yoshlar ma’naviyatini boyitishdagi hissasi va ilmiy ahamiyati haqida atroflicha mulohazalar bildirdilar.
Tadbir davomida Filologiya va sanʼat fakulteti talabalari tomonidan Alisher Navoiy g‘azallaridan namunalar ijro etildi, milliy kuy-qo‘shiqlar yangradi, go‘zal raqslar namoyish etildi. Ayniqsa, buyuk mutafakkirning “Lison ut-tayr” asaridan sahnalashtirilgan parcha taqdimotga o‘zgacha fayz va ko‘tarinkilik bag‘ishladi.
Taqdimot marosimi barcha ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi. “Alisher Navoiy ensiklopediyasi”ning chop etilishi yurtimiz ma’naviy-ma’rifiy hayotida yuksak voqea sifatida qarshi olindi.