Urganch davlat universiteti maktabida “Soʻnggi qoʻngʻiroq” tadbiri boʻlib oʻtdi

Bugun “Soʻnggi qoʻngʻiroq” bayrami butun Respublikamiz singari Urganch davlat universiteti huzuridagi Fizika-matematika va informatika fanlariga ixtisoslashtirilgan maktabida ham katta shodiyona bilan nishonlandi. Mazkur maktab Urganch davlat universiteti tasarrufida 2021-yil 6-sentabrda tashkil etilgan boʻlib, qisqa vaqt ichida oʻzining yuqori sifatli ta’limi va yuksak natijalari bilan ajralib turadi. 

Tantanali tadbirda Urganch davlat universiteti rektori v.v.b. S.Xodjaniyazov ishtirok etib, katta hayot sari yo’l olayotgan oʻquvchilarga oʻzlarining samimiy tilaklarini bildirdi. Yurtimiz kelajagi boʻlmish yosh avlodga ishonch va umid bildirib, ularga oliy ta’lim yoʻlida muvaffaqiyatlar tiladi.

Tadbir davomida namunali xulqi, maktabni aʼlo baholarga tamomlagani va jamoat ishlarida faolligi uchun bir guruh oʻquvchilar va ularning ota-onalariga, shuningdek, fidoyi va tashabbuskor maktab oʻqituvchilariga tashakkurnomalar va esdalik sovgʻalari topshirildi. 

Bayram tadbirida bitiruvchi oʻquvchilar oʻzlarining badiiy chiqishlarini namoyish etishdi.