Al-Xorazmiy nomidagi III Xalqaro matematika olimpiadasining ikkinchi kuni bo‘lib o‘tmoqda

Ayni paytda Xorazm viloyatida joylashgan “Yoshlik” sport majmuasida Al-Xorazmiy nomidagi III Xalqaro matematika olimpiadasining ikkinchi kuni bo‘lib o‘tmoqda. Bugungi sinovlar jamoaviy bellashuv shaklida tashkil etilgan bo‘lib, ishtirokchilar xalqaro miqyosdagi murakkab masalalarni yechish orqali o‘z bilim va mantiqiy tafakkurlarini sinovdan o‘tkazmoqdalar.

Jamoaviy bosqich doirasida har bir jamoaga 5 ta murakkab matematika masalasi taqdim etilgan. Ularni to‘liq va aniq yechish uchun qatnashchilarga 4 soat vaqt ajratilgan. Bu bosqich ishtirokchilardan nafaqat chuqur bilim, balki kuchli jamoaviy hamkorlik, vaqtni to‘g‘ri taqsimlash va strategik fikrlash qobiliyatini ham talab qiladi.