UrDUda “Markaziy Osiyoda O‘g‘uzlar va Saljuqiylar” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya boshlandi

Bugun Abu Rayhon Beruniy nomidagi Urganch davlat universitetida “Markaziy Osiyoda O‘g‘uzlar va Saljuqiylar” mavzusiga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘z ishini boshladi. Ushbu nufuzli tadbir Urganch innovatsion universiteti hamda Turkiyaning Saljuq universiteti bilan hamkorlikda tashkil etilgan bo‘lib, u tarixiy-madaniy merosni o‘rganish va uni yangi ilmiy yondashuvlar asosida tahlil qilishga xizmat qiladi.

Konferensiyada Turkiya Respublikasidan 30 nafardan ortiq taniqli tarixchi olimlar, shuningdek, Turkmaniston va Qozog‘istondan bir guruh yetuk mutaxassislar ishtirok etmoqda. Bu xalqaro miqyosdagi ilmiy muloqot Markaziy Osiyo xalqlari o‘tmishining muhim jihatlarini chuqurroq o‘rganish imkonini beradi.

Tadbirning ochilish marosimida Urganch davlat universiteti rektori v.v.b. S. Xodjaniyozov, Urganch innovatsion universiteti rektori M. Ishmurodov, universitet rektori maslahatchisi X. Bobojonov, Respublika Maʼnaviyat va Maʼrifat markazi Xorazm viloyati bo‘limi boshlig‘i B. Abdirimov, Turkiya Hamkorlik va Muvofiqlashtirish Agentligi (TIKA) vakili Nuri Kilich hamda Saljuq universiteti professori Mustafa Demirchi  so‘zga chiqib, konferensiyaning ilmiy va amaliy ahamiyatini alohida ta’kidladilar.

Konferensiyaga Ijtimoiy-iqtisodiy fanlar fakulteti Tarix kafedrasi mudiri Oʻ.Abdullayev moderatorlik qilmoqda. 

Mazkur ilmiy anjuman O‘g‘uzlar va Saljuqiylar davrining tarixiy jarayonlarini chuqur o‘rganish, ilmiy hamkorlikni mustahkamlash hamda yosh tadqiqotchilar uchun yangi imkoniyatlar yaratish yo‘lida muhim qadamlardan biri bo‘lib xizmat qilmoqda.

“Markaziy Osiyoda O‘g‘uzlar va Saljuqiylar” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyaning ochilish marosimidan so‘ng, sho‘ba yig‘ilishlari o‘z ishini boshladi. Ushbu yig‘ilishlarda xorijning va viloyatimizning taniqli olim va mutaxassislari turli yo‘nalishlarda chuqur ilmiy tahlillarni taqdim etdilar.

Ma’ruzalar doirasida “Turkiy xalqlarning tarqalish geografiyasi, tili va madaniyati”, “Saljuqiylarning Xorazmdan chiqib ketishi va qayta qaytib kelishi”, “Saljuqiylarning ko‘chish yo‘nalishlari”, “Sirdaryo quyi havzasida aholi yashash joylarining mudofaa inshootlari tarixiga oid ayrim chizgilar”, “O‘g‘uzlar va Saljuqiylarning Xorazmdan ko‘chishining iqlim sabablari va yo‘li haqida mulohazalar” kabi muhim mavzular muhokama qilindi.