Xorijiy filologiya fakultetida “Yosh gidlar maktabi” dasturi tashkil etildi

Abu Rayhon Beruniy nomidagi Urganch davlat universiteti Xorijiy filologiya fakultetida yozgi ta’til davrida talaba-yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish, ularni kasbga yo‘naltirish va amaliy ko‘nikmalarini rivojlantirish maqsadida bir qator foydali loyihalar yo‘lga qo‘yilgan.

Xususan, fakultetda “Yosh gidlar maktabi” dasturi tashkil etilib, talabalarni turizm, tarjimonlik va gidlik sohasida zarur bilim va malakalar bilan tanishtirish ishlari olib borilmoqda. Ushbu maktab bugungi kunda talabalar bilan gavjum bo‘lib, ishtirokchilar turli madaniy obyektlarga sayohatlar tashkil etish, xorijiy mehmonlar bilan ishlash, ekskursiya o‘tkazish bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlarda faol qatnashmoqda.

Bundan tashqari, fakultetda ingliz tili bo‘yicha to‘garak faoliyati ham yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, ingliz tilini chuqur va mukammal o‘rganishga qiziqqan yoshlar muntazam ravishda qatnashmoqda. To‘garak mashg‘ulotlarida grammatika, so‘zlashuv, tinglab tushunish va yozuv ko‘nikmalari bo‘yicha interaktiv darslar tashkil etilib, talabalar til bilimlarini oshirish imkoniyatiga ega bo‘lmoqdalar.

Mazkur tashabbuslar talabalarning nafaqat bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlash, balki ularning kelajak kasbiga bo‘lgan qiziqishini oshirish va ijtimoiy faolligini kuchaytirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.