Bugun, 11-iyul kuni Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri maslahatchisi B.Rahimov tomonidan Urganch davlat universitetida Xorazm viloyatidagi oliy ta’lim muassasalari, kasbiy ta’lim muassasalari, akademik litsey hamda texnikumlarning rahbar xodimlari ishtirokida kengaytirilgan yig‘ilish tashkil etildi.
Yig‘ilishda «Dolzarb 90 kun» loyihasi doirasida Xorazm viloyatidagi ta’lim muassasalarida amalga oshirilayotgan ishlar, yoshlarning bo‘sh vaqtlarini samarali va mazmunli tashkil etishga qaratilgan chora-tadbirlar muhokama qilindi.
Mazkur yig‘ilish davomida Urganch davlat universitetining tajribasi alohida e’tirof etildi. Jumladan, yozgi ta’til davrida talabalar uchun turli to‘garaklar, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, sport musobaqalari va axborot texnologiyalari, sun’iy intellektga oid kurslar orqali ularning bo‘sh vaqtini to‘g‘ri tashkil qilish borasida universitetda olib borilayotgan ishlarga ijobiy baho berildi.
Tadbirda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi Xorazm viloyati hududiy boshqarmasi boshlig‘i Z.Sa’dullayev, Urganch davlat universiteti rektori v.v.b. S.Xodjaniyozov hamda Urganch davlat pedagogika instituti rektori F.Madrahimova so‘zga chiqib, «Dolzarb 90 kun» loyihasi doirasida o‘z muassasalarida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan batafsil ma’lumotlar berdilar hamda tajribalarini yig‘ilish ishtirokchilari bilan o‘rtoqlashdilar.
Uchrashuv yakunida vazir maslahatchisi B.Rahimov tomonidan loyihaning mazmun va sifatini yanada oshirish, yoshlarning ehtiyoj va qiziqishlarini chuqur o‘rganish asosida «Dolzarb 90 kun» tadbirlarini rejalashtirilishi zarurligi ta’kidlandi hamda tegishli tavsiya va topshiriqlar berildi.