Urganch davlat universitetida “Qora dori – 2025” tezkor-profilaktik tadbiri mazmun-mohiyatiga bag'ishlangan uchrashuv oʻtkazildi
Bugun, 17-sentabr kuni Abu Rayhon Beruniy nomidagi Urganch davlat universiteti Madaniyat saroyida VIIB tezkor qidiruv xizmati xodimlari tomonidan viloyat miqyosida  o‘tkazilayotgan “Qora dori – 2025” tezkor-profilaktik tadbirining mazmun-mohiyati yuzasidan universitet talabalari uchun profilaktik uchrashuv tashkil etildi. 
 
Unda universitet birinchi prorektori D.Ibadullayev, rektor maslahatchisi A.Shakarov, viloyat Narkologiya  mutaxassisi F.Otajanov hamda VIIB tezkor qidiruv xizmati xodimlari ishtirok etdi. 
 
Tadbirda masʼul tashkilot vakillari  tomonidan yoshlar orasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, giyohvandlik, toksikomaniya va alkogolizm kabi illatlarning salbiy oqibatlarini keng yoritish maqsadida batafsil ma’lumotlar berildi. Mutaxassislar giyohvand moddalar inson salomatligiga yetkazadigan zararlar, jamiyat va oila hayotiga soladigan xavf-xatarlar haqida ilmiy asoslangan dalillar keltirib o‘tdilar. Uchrashuvda talabalarga sog‘lom hayotga intilish, ma’naviy yuksalish va bilim olishga bo‘lgan qiziqishni oshirish bo‘yicha zarur tavsiyalar berildi.
 
Mazkur profilaktik tadbir yoshlarning giyohvandlik va boshqa zararli odatlardan yiroq bo‘lishi, sog‘lom va barkamol avlod sifatida voyaga yetishida muhim ahamiyat kasb etadi.