Abu Rayhon Beruniy nomidagi Urganch davlat universitetida o‘zbek adabiyoti va folklorshunoslik ilmining zabardast namoyandalaridan biri — filologiya fanlari doktori, professor Jabbor Eshonqulov tavalludining 60 yilligiga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tdi. Tadbir doirasida olimning adabiy tafakkur va xalq og‘zaki ijodi xazinasini chuqur tahlil etuvchi yangi asarlari — “Epik olam: motiv va obraz tadqiqi” hamda “Mifologik tafakkur talqini” kitoblarining taqdimoti ham o‘tkazildi. Tabirni UrDU prorektori Z.Ibragimov ochib berib, universitet jamoasi nomidan samimiy tabrikladi.
Anjumanda O‘zbekiston va xorijdan taniqli adabiyotshunoslar, folklorshunoslar, ilm ahli hamda ijodkorlar ishtirok etdilar. Ular orasida Alisher Navoiy nomidagi Davlat adabiyot muzeyi direktori, filologiya fanlari doktori, professor J.Eshonqulov, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti direktor o‘rinbosari, filologiya fanlari doktori, professor M.Asadov, Ozarbayjon Fanlar akademiyasi Folklor instituti katta ilmiy xodimi A.Ibrahimova, Buxoro davlat pedagogika instituti professori M.Ro‘ziyeva, filologiya fanlari nomzodi, dotsent R.Xudayberganov, shuningdek, Urganch davlat universitetining yetakchi olimlari — professor D.G‘ayipov, professor S.Sariyev, professor N.Sabirova va boshqa ko‘plab ilm ahli qatnashdilar.
Ma’ruzachilar professor Jabbor Eshonqulovning sermazmun ilmiy faoliyatini, o‘zbek folklorining ildizlari va obrazlar tizimini chuqur tahlil etishdagi o‘ziga xos yondashuvini yuksak e’tirof etdilar. Olimning yangi kitoblari — milliy adabiyotshunoslikka, ayniqsa, epik tafakkur va mifologik dunyoqarashni o‘rganish sohasiga yangi ilmiy yo‘nalish olib kirgan muhim asarlardir.
Tadbirda so‘z olgan ishtirokchilar professor J.Eshonqulovni o‘zbek folklorshunosligining yirik namoyandalaridan biri sifatida e’tirof etib, uning mehnati natijasida ko‘plab yosh tadqiqotchilar ilm yo‘lida ilhomlanib kelayotganini alohida qayd etdilar.
Bu anjuman nafaqat bir olimning yubileyiga bag‘ishlangan ilmiy tadbir, balki o‘zbek xalq og‘zaki ijodi, milliy qadriyat va adabiy tafakkurga bo‘lgan hurmat bayrami sifatida ham yodda qoldi. Professor Jabbor Eshonqulovning serqirra ijodi, ilmiy izlanishlari va ustozlik faoliyati bugungi kunda ham o‘zbek adabiyotshunosligining yangi ufqlarini ochishda davom etmoqda.
Shuningdek, talabalar ijrosida jaranglagan kuy va qo‘shiqlar, go‘zal raqslar tadbirga bayramona kayfiyat bag‘ishlab, anjumanning badiiy muhitini yanada boyitdi. Har bir chiqishda milliy qadriyatlar, vatanparvarlik va adabiyotga mehr tuyg‘usi sezilib turdi.



.jpg)

.jpg)

.jpg)


