Buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy hazratlari yozganidek, “Kitob – beminnat ustoz, bilim va ma’naviy yuksalishga erishishning eng asosiy manbaidir”.
Bugun, 24-noyabr sanasida UrDU Axborot-resurs markazining Ilmiy uslubiyat bo`limi xodimlari tomonidan “Kitob - qalblarni boyituvchi xazina, kamolot cho'qqisi va ma'naviy komillikka yetaklovchi hamrohdir” nomli xayriya tadbiri o`tkazildi.
Ushbu xayriya tadbiriga SOS O`zbekiston Bolalar mahallasining Xorazm viloyati filiali tarbiyalanuvchilari tashrif buyurib, tarbiyachi Feruza Bobojonova boshchiligida bir guruh bolalar tadbir mehmoni bo`ldilar.
ARM xodimlari, universitet professor -o`qituvchilari hamda talabalar ishtirokidagi mazkur tadbirda so`z olganlar kitobning shaxs kamolotidagi o`rni, insonlar bilimli, tarbiyali, kasb-hunarli va albatta, baxtli bo‘lishining muhim omili –kitobga do‘st bo‘lish va kitob o‘qishni kanda qilmaslik, yoshlarning hayotida kitobning alohida o‘rni, yaxshi kitob insonda Vatanga muhabbat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat tuyg‘ularini yuksaltirib, yaxshilik hamda ezgulikka undashi haqida gapirdilar.
Shuningdek, tadbir davomida badiiy chiqishlar namoyish etilib, kechaga bayromona kayfiyat ulashildi.
Tadbir yakunida Bolalar mahallasi tarbiyalanuvchilariga ARM xodimlari tomonidan esdalik sovg`alar taqdim etildi.


